Konstitutsiyaga kiritilayotgan o’zgartishlar

2023 yil 10 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masala atroflicha ko‘rib chiqildi.

Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishda eng yaxshi takliflarni ilgari surgan bir qator faol fuqarolar ham ishtirok etdilar.

Ta’kidlash joiz, kuni kecha bo‘lib o‘tgan majlisda qonun loyihasini moddama-modda ko‘rib chiqish jarayonida uni yanada takomillashtirishga doir deputatlar tomonidan bir qator takliflar va fikr-mulohazalar berilgan edi. Mas’ul qo‘mitalar har bir taklifni sinchiklab, chuqur tahlil qilib, ularning aksariyatini loyiha matnida aks ettirdi.

Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining o‘tish qoidalari moddama-modda muhokama qilindi. Mazkur qoidalar bilan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning kuchga kirishi muddatlari va tartibi batafsil belgilangan.

Majlisda berilgan takliflar asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi normalar takomillashtirilib, maromiga yetkazilgani aytildi hamda ushbu jarayonda faol ishtirok etgan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari hamda deputatlarga minnatdorlik bildirildi.

So‘z olganlar konstitutsiyaviy islohotlar fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirilishini tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi qabul qilinishi sifatida alohida e’tirof etishdi.

Deputatlar tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum sanasini 2023 yil 30 aprel deb belgilash hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining referendumni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudining xulosasini olish to‘g‘risidagi masala ham qo‘llab-quvvatlandi.

Yangilangan Konstitutsiya ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lishi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.

Majlis yakunida deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilindi.

Qonunchilik palatasi majlisida shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishda eng yaxshi takliflarni ilgari surgan fuqarolarga minnatdorchilik bildirildi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *